Ma’naviyat va ma’rifatdir buyuklikning qo‘sh qanoti

Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan nodir iste’dod sohibi edi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olib kelgan. Shuningdek, kuni kecha “Adiblar xiyobonida”gi Abdulla Oripov haykali poyida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham talaba-yoshlar qalbida Vatanparvarlik, insoniylik tuyg‘ularini shakllantirishda adabiyot va san’atning ta’sirchan kuchi qanchalik yuqori ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Ushbu tadbirda institut prorektori Ruzimurot Choriev, "Gidromelioratsiya" fakulteti dekani Alisher Fatxullaev, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Shoira Oripova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filoglogiya fanlari doktori Nurboy Jabborov, institut xotin-qizlar kengashi raisi Zuhra Ismoilova, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etishdi. O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov – Vatanimiz ruhiyati va xalqimiz tiynatini she’rlarida aks ettirgan serqirra shoirdir. Yurtimiz kengliklarida bu ulug‘ insoniy qalb buloqlaridan qonib suv ichish va mangu oftob nurlaridan bahra olishdek samimiy istak, toza niyatlar mavji ortib borayotgandek.

Fakultetimiz talabalari tomonidan tayyorlangan adabiy-badiiy dastur namoyish etildi. Ular davrani ochgach, professor Nurboy Jabborovga navbat berildi. U shoir ijodiga xos g‘oyaviy mavzular va janriy xususiyatlar borasida o‘z mulohazalarini bildirib, shoir qalamiga mansub bo‘lgan ayrim she’rlarni adibning g‘oyaviy niyati bilan bog‘liq holda tahlil qilib talabalarga yetarli ma’lumotlar berildi. So‘ngra mashhur aktyor Tesha Mo‘minov mikrofon qarshisiga taklif etildi. U Abdulla Oripovning "Sohibqiron" dramasida ijro etgan Amir Temur roli va uning hukmdorlik qudrati, uning markazlashgan davlat tuzish borasidagi harakatlarining ahamiyati to‘g‘risida so‘z yuritib, uning monologidan parcha o‘qib barchani tahsiniga sazovor bo‘ldilar. Keyin esa shoirning qizi iqtidorli tibbiyot xodimi Shoira Oripova so‘zga chiqdi. Otasining hayoti va ijodiyotiga doir ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shoirning she’rlari va dostonlari har jihatdan xuddi ana shunday oliy maqom sifatlarga ega hikmatlarga o‘xshaydi. Abdulla Oripovning kitoblari qo‘limizdan tushmaydi. Kishi qancha o‘qimasin, to‘ymaydi, zerikmaydi. Qalbimizga singib ketgan shunday she’rlari borki, ular biz yoshlardan keyin ham kelgusi avlod uchun oltin meros bo‘lib qoladi. Abdulla Oripov ijodini ona yurt, Vatan tushunchalaridan ayro xolda tasavvur qilish aslo mumkin emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, mehr - muhabbat va hikmatga to‘la bu ijodni she’riyatdagi Vatan, Vatandagi she’riyat deb ta’riflamoq o‘rinlidir. Bu noyob qalb egasining ijodini o‘rganish biz yoshlarga g‘urur bag‘ishlaydi. Abdulla Oripov o‘zining serqirra faoliyati, dadil so‘zi, ma’naviy uyg‘oqlikka da’vat etuvchi she’rlari bilan xalqimiz mehrini qozona oldi. Buyuk shoirning ijodini o‘rganish, uning yanada ma’naviy qarashlarini tarannum etishda biz yoshlar ham faol ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz va hech ham izlanishdan to‘xtamaymiz.

“Gidromelioratsiya” fakultetining Yoshlar bilan ishlash dekan o‘rinbosari O.Habibullaev

TIQXMMI matbuot xizmati