Kelajakka daxldor ko‘rgazmali tadbir

Ilm - fan va ishlab chiqarish integratsiyasi qay darajada uyg‘un bo‘lsa,  taraqqiyot va innovatsion g‘oyalarning ravnaqi ham shunchalik yuksalib boradi. Shunday ekan, ana shu g‘oya va maqsad bilan tashkil etiladigan tadbir va anjumanlarning  ahamiyati katta.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda «PARKENTSUVQURILISh» tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan “Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi”ga bag‘ishlangan ko‘rgazmali tadbir e’tiborga molik bo‘ldi. Institut rektori Umurzakov O‘ktam Pardayevich tadbirni boshqarib borish asnosida o‘zlarining innovatsion ixtirolari bilan kelgan mehmonlarni tabriklab qo‘llab-quvvatladilar. Jumladan, ushbu hamkorlikning ishlab chiqarishga keng joriy etilishi suv xo‘jaligida katta yutuqlarga sabab bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.

“Parkentsuvqurilish” tashkiloti jamoasi nomidan Chervyakov Vladimir Dementevich umumiy rahbar ta’sischi sifatida, Safyolkin Aleksey Valerevich bosh direktor, Ollomurod Isakulov apparat rahbari sifatida ishtirok etib o‘z mulohazalarini va minnatdorliklarini izhor qildilar. Shuningdek, “MEGAPLAST” mas’uliyati cheklangan jamiyati nomidan direktor Shalnev Aleksandr Anatolevich, moliyaviy direktor va ta’sischi Novikov Yuriy Anatolevichlar plastmassa lotok (tarnov)larning kashf etilishi ham qishloq va suv xo‘jaligida katta imkoniyatlar eshigini ochishini e’tirof etib hamkorlikdan mamnunliklarini bildirdilar.

Rektor o‘z so‘zida bugungi tadbir bevosita Prezidentimizning 2018 yil 8 maydagi 3702-sonli “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda kuni kecha 2018 yil 24 oktyabr kuni oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalarga qaratilgani bilan mohiyatli ekanini uqtirib o‘tdilar. Ikkala tomon o‘rtasida tuzilgan shartnoma ana shu boradagi harakatlarning amaliy natijasi bo‘ldi deyish o‘rinlidir.

Besh yil muddatga tuzilgan o‘zaro manfaatli hamkorlik shartnomasiga muvofiq "Parkentsuvqurilish" bazasi zamirida Respublika suv xo‘jaligi uchun zamonaviy malakali, ish ko‘zini biladigan, yangicha yondashuv va texnologiyalar asosida amaliy tarzda ish yurita oladigan kadrlarni tayyorlash asosiy maqsad qilib qo‘yilgani quvonarlidir.

Zamonaviy mutaxassislarni institutning bitiruvchi talabalari orasidan ko‘rik tanlov asosida saralab olish, fanni ishlab chiqarish bilan bog‘liqligini ta’minlash, har yili ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlari, loyihalarini namoyishi va institutning moddiy-texnik bazasi negizida talabalarni birinchi kursdan boshlaboq ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish masalalari ham shartnomada o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, «PARKENTSUVQURILISH» tashkiloti hamkorlikdagi ishchi guruh qaroriga muvofiq uchta eng yaxshi talaba uchun 5 000 000 so‘mdan, jami 15 000 000 so‘m pulni ajratishni o‘z zimmasiga oldi.

Shuningdek, o‘tkazilgan ko‘rik tanlovga asosan tanlangan nomzodga foizsiz o‘ttiz yil muddatga uzaytirilgan yashash joyi uchun yuz million so‘m ajratish, har o‘quv yilida talabalar orasida "Yil innovatori" tanlovini tashkil etishga homiylik qilish kabi vazifalar ham ular tomonidan bo‘lishi shartnomada qayd etilgan.

Birgalikda "Irrigatsiya va melioratsiya" muzeyini tashkil qilish ham kelishib olingani e’tiborga molik bo‘ldi.

Ilm shunchaki, fan uchun, ilmiy risola yoki monografiyalar uchun emas, balki u ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘lanishi zarur. Ilm hayotga, ishlab chiqarish jarayoniga xizmat qilmas ekan, uning qiymati yo‘q. Ilmning kuchi uning amalga  ko‘chishida.

Bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jadallik bilan joriy etilayotgan zamonaviy intensiv, suv tejamkor texnologiyalar hamda ilg‘or tajribalar o‘quv jarayoniga tadbiq etish, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy talablar asosida yaratilgan o‘quv-me’yoriy hujjatlar va  o‘quv-laboratoriya bazasini mustahkamlash hisobiga talabalarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlash mumkin.

Guvohi bo‘lganingizdek, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash  instituti Respublikamiz suv xo‘jaligi tizimi uchun malakali kadrlar tayyorlaydigan Oliy ta’lim muassasasi sifatida, tayyorlanayotgan kadrlarni sifatini oshirish, zamonaviy talablar darajasida ta’lim-tarbiya berishda foydalanilayotgan o‘quv-ilmiy laboratoriya bazasi shakllantirilgan.

Ma’lumki,  talabani har tomonlama kamol toptirish va yetuk kadr darajasida tayyorlash jarayoni bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lib, u bog‘cha, maktab, litsey, kolledj, oliy o‘quv yurti, doktorantura, malaka oshirish tizimini qamrab oluvchi bir umrlik ta’lim zanjirini bir-biriga bog‘laydi.

Bu boradagi sa’yi-harakatlarning natijasi o‘laroq, shu yilda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi bilan hamkorlikda “Innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar klasteri” tashkil qilindi. Ushbu klasterda iqtidorli talabalar va yosh olimlar o‘zlarining innovatsion ishlanmalarini amaliyotga joriy qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Institut jamoasi ta’lim tarbiya jarayonida suvga bo‘lgan e’tiborini tubdan o‘ztirish, suv xo‘jaligi sohasiga yuqori malakali zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish kabi muhim vazifalar ustida keng miqyosdagi ilmiy tadqiqot ishlarini olib borib natijalari bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilmoqda.

Rektor, jumladan, tadbir qatnashchilariga qarata “Bugun biz ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi mazmun mohiyat jihatdan, yangi g‘oyalar asosida “Parkentsuvqurilish” MChJ hamkorligida yanada kengaytirish  doirasida navbatdagi qadamni quymoqdamiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi” - deya o‘z mulohazalarini bildirib - soha taraqqiyotini ilm bilan bog‘lab o‘rgangan izlanuvchan, intellektual salohiyatli mutaxassislar biz uchun umid va ishonch, qutlug‘ qadam va yorug‘ kelajak” bo‘lishini e’tirof etdilar. Shuni ta’kidlab o‘tish zarurki, ushbu integratsion hamkorlik yangi g‘oya va innovatsiyalarga keng yo‘l ochadi.

GM fakulteti dekan o‘rinbosari Xayrullo To‘ychiyev axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov