Ustozlar doim e’zozda

Ustozning sa’yi-harakatlari, mehnati hamda chekkan zahmati sabab hayot yo‘llarida ildam odimlaymiz. Uning qo‘llarini tutib, ilk bor ilm olamiga sayrga chiqamiz. Undan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, olg‘a yurishni o‘rganamiz. Vaqt o‘tib, turli tashkilot va idoralarda faoliyat yurita boshlaganimizda, yoxud o‘z biznesimizni yo‘lga qo‘ygan vaqtda sizning o‘gitlaringiz, nasihatlaringiz qo‘llanmamizga aylanadi. Ich-ichimizdan «Ta’lim bergan ustozlarga rahmat!», deb pichirlab ham qo‘yamiz. Hayotda erishgan yutuqlarimiz uchun ulardan minnatdormiz!

Bugun "Gidromelioratsiya" fakulteti dekani Alisher Fatxullayev, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Orif Habibullayev, "Gidromeliorativ tizimlaridan foydalanish" kafedra mudiri Anvar Sherov, "Pedagogika psixologiya va o‘qitish metodikasi" kafedrasi mudiri Zuhra Ismoilova va kafedra jamoasi quvonchli voqeani qarshilashdi va sidqidildan tabriklashdi.

“Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi mudiri, professor Arifjonov Aybek Muhammedjanovich O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining 172-sonli buyrug‘iga asosan "O‘zbekiston Respublikasi Suv Xo‘jaligi A’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ustozning talabalarga berayotgan beqiyos bilim va saboqlari yosh iqtidor egalarini doimiy ruhlantirib kelmoqda. «Ustoz ko‘rgan shogird» maqomiga erishayotgan yosh avlod vakillari ustozlarning duolari, o‘gitlari va samarali mehnatlari oldida bosh egib ta’zim qilishadi.

“Gidromelioratsiya” fakultetining Yoshlar bilan ishlash dekan o‘rinbosari O.Habibullaev axboroti

TIQXMMI matbuot xizmati