Dolzarb va zalvorli mavzudagi dissertatsiya muhokamasi

Qaysiki davlatda ilm, fanga e’tibor yuqori bo‘lsa, o‘sha yurtda taraqqiyot bo‘lishi bugungi kunda ayni haqiqat. Barcha jabhalarda rivojlanishning ta’minlanishi ham shu bilandir, aslida. Xuddi shu ma’noda, Prezidentimiz rahnamoligida ilm-fan, nazariya, amaliyot va ishlab chiqarish integratsiyasining uyg‘unligidagi faoliyatda hikmat katta. Mamlakat taraqqiyotiga doir mavzular ko‘p, o‘zlarining mohiyat e’tibori bilan katta ahamiyatga molik. Lekin ta’lim tizimining o‘zak masalalari bilan bog‘liq mavzularning har jihatdan o‘rni va roli katta. Gap mavzuning qanday ekanligida emas, balki olingan mavzuning qanday yoritilishi va tadqiq etilishidadir. Kasb ta’limi mutaxassislarining saviyasi, darajasi yuqori bo‘lishi shart. Chunki bu yurt taraqqiyoti va davlat ravnaqini ta’minlaydian mezon. Shuning uchun ham bu mavzu har doim dolzarb va zalvorlidir. Ayniqsa dual tizimi asosida kasbga tayyorlash shu sohaning, aniqrog‘i, ta’lim metodologiyasining o‘zagi va o‘zanidir desak, muboag‘a bo‘lmaydi.

2020 yilning 18 avgust kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasining ZOOM platformasi orqali kengaytirilgan yig‘ilishida ana shunday muhim va dolzarb dissertatsiyaning muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent, “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi Choriev Ruzimurat Kungratovichning 13.00.05 – Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha “Kasb ta’limi mutaxassislarini Dual tizimi asosida kasbiy faoliyatga tayyorlash metodikasini takomillashtirish” mavzusidagi pedagogika fanlari doktori (DSi) dissertatsiyasining muhokamasi jonli va qizg‘in tarzda kechdi.

Mazkur muhokamada Toshkent davlat pedagogika universiteti, Tishkent davlat iqtisodiyot universiteti, ToshDAU Andijon filiali, Jizzax politexnika instituti professorlari, Surxondaryo viloyat o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi xodimlari, hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Pedagogika fanlari doktori, professor Z. K. Ismoilova ilmiy rahbar sifatida ilmiy ishning yoritilish jarayoni va tadqiqot ob’ektiga olingan mavzuning mohiyati borasida asosli fikrlarni ilari surdi. Institut prorektori Tohir Sultonov ushbu ish pedagogik ta’limning metodologiyasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishiga shubha yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, dissertatsiya muhokamasi yuzasidan professorlar Sh. O‘ljaeva, M. Hakimova, N. Isakulovalar taqrizchi sifatida so‘zga chiqqan bo‘lsalar, A Isakov, Sh. Abdullaea, R. Salomovalar dissertant va dissertatsiya bo‘yicha o‘zlarining ijobiy fikrlarini bildirib o‘tdilar.

Muhokama jarayonida tadqiqotchi R.Choriev tomonidan tayyorlangan doktorlik ishiga mutaxassislar tomonidan ijobiy fikrlar bildirildi. Taqrizchilar tomonidan dissertatsiya ishini keyingi bosqichga chiqarish yuzasidan tavsiya berildi. Kafedraning kengaytirilgan majlisi yakunida mustaqil – tadqiqotchi R.Chorievning dissertatsiya ishi tugallangani, yig‘ilganlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanib, keyingi bosqichga tavsiya etilgani dissertatsiya mavzui va dissertantning g‘oyaviy maqsadi to‘la amalga oshganini bildiradi.

Dissertantning bugungi yutug‘i tasodifiy emas, balki, uning bugungi kunga qadar ilmiy zamini, mustahkam poydevori bor. Uning chop etilgan 200 ga yaqin maqolalari, bir nechta monografiya va uslubiy qo‘llanmalari buning isbotidir. Ta’lim tizimida, intellektual salohiyatga ega tadqiqotchi bo‘lgani va Toshkent viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida rektorlik lavozimida faoliyat yuritgan paytlarida 20 dan ziyod tadqiqotchilar fan nomzodi va doktorlik ilmiy darajalariga ega bo‘lganini aytmaslik va uning tashabbusi hamda tashkilotchiligi bilan bir nechta respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-nazariy konferensiyalarning o‘tkazilganini ta’kidlamaslik insofdan emas.

"SHUHRAT" medali sohibi, tajribali pedagog, olim va yirik mutaxassis R. K. Choriev faoliyatidagi muvaffaqiyatlar uning ilmiy salohiyati va yuksak iqtidori bilan bog‘liqligi ayon. Eng muhimi, uning tadqiqot ishi, ilmiy risolasining boblari va qismlari orasida o‘ziga xos izchillik va mantiqiylik to‘la saqlangan. Dissertant o‘z oldiga qo‘ygan ilmiy maqsadini to‘la amalga oshirganligi, barcha soha mutaxassislari va mutasaddilari tomonidan ijobiy yo‘sinda baholangani kasbdosh va jamoadosh sifatida hammamizning faxrimizga boisdir.

TIQXMMI matbuot xizmati