Suv xo‘jaligi sohasi bitiruvchilari uchun “Karyera kuni” o‘tkazildi

Insonning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun olingan bilim, o‘zlashtirilgan amaliy tajriba va shu asosdagi kasb sohibi bo‘lishi katta mohiyat kasb etadi. Vertikal va gorizontal yo‘sindagi karera har bir insonning orzusi, kamolot pillapoyalaridan oshib borishi bilan izohlanadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bo‘sh ish o‘rinlari “Karera kuni” yarmarkasi tashkil etildi. Unda respublikamizning barcha viloyat, shahar va tumanlaridan 146 ta suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, gidrotexnika inshootlari qurilishi, elektroenergetika, yer resurslarini boshqarish, ekologiya, iqtisodiyot sohalari bo‘yicha tashkilot va korxonalar 5095 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.

2018/2019 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisligi bo‘yicha jami 1504 nafar bitiruvchilari o‘zlari doimiy yashayotgan hududiy ob’ektlarida mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Yarmarka bitiruvchilarga o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish beruvchilar bilan o‘zaro suhbatlashish shartnoma tuzish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Tadbir doirasida ko‘plab yoshlar o‘z ish joylarini tayin qilib olishdi, ularga yo‘llanmalar berilib, o‘zaro shartnomalar ham imzolandi.

Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, “O‘zbekenergo” AJ va “Davergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi tashkilotlari, “O‘zagroservis” AJning viloyat va tuman MTPlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashkilotlari hamda ko‘plab soha bo‘yicha xorijiy qo‘shma korxonalar iqtidorli va qobiliyatli bitiruvchilarni suhbat va test asosida saralab olishdi. Tadbir natijasida 1300 dan ortiq bitiruvchilar o‘zlari o‘qish davomida amaliyot o‘tagan ob’ektlari, geografik jihatdan yashash manziliga qulay bo‘lgan tashkilotlarida ishga joylashuv bitimini imzolab, O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga tayyorligidan mamnun ekanligi har bir talabaning yuzida yaqqol ko‘rinib turibdi.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov