Ayanchli kunlar shohidi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, mamlakatda Birinchi Prezident I.A.Karimov rahbarligida amalga oshirilgan xayrli ishlardan biri chor va Sovet mustamlakachiligi yillarida begunoh qurbon bo‘lgan, o‘tgan asrning 30-50 yillarida “xalq dushmani” sifatida qatag‘on etilgan va shu sababli nomlari o‘zbek xalqi hamda madaniyati tarixidan o‘chirib yuborilgan siymolar xotirasini abadiylashtirish orqali tarixiy adolatni tiklash bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. A. Karimovning 2001 yil 1 may sanali “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida”gi Farmoni asosida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi barpo etildi. Muzey 2002 yil 31 avgustda–mamlakatda ilk bor nishonlangan “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni”da tantanali ravishda ochildi.
Yodgorlik majmui va muzey barpo etilgan joy XX asrning 20-yillaridan to Ikkinchi jahon urushi boshlanguniga qadar Sovet davlatining jazo organlariga qatlgoh bo‘lib xizmat qilgan. Toshkent shahrida otilgan qatag‘on qurbonlari shu yerdagi uchta qatlgohga dafn etilganlar. Yodgorlik majmui ana shu sobiq uch qatlgoh hududlarini o‘zaro birlashtirib turadi. Agar ramziy sag‘ana yodgorlik majmuining memorial markazi hisoblansa, muzey binosi uning ma’rifiy markazi bo‘lib xizmat qiladi.
Toshkent shahrida joylashgan mazkur “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui va "Qatag‘on qurbonlari" muzeyiga Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari institutining “Gidromelioratsiya” fakulteti “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi assistenti T.U.Apakxujaeva murabbiylik guruhi “Suv xo‘jaligi va melioratsiya” yo‘nalishi 307-guruh talabalari bilan birgalikda 2020 yil 7 mart kuni tashrif buyurishdi. Ushbu “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui kabi mo‘tabar maskanlar, ziyortgohlar bugungi tinch va xotirjam hayot, to‘kinlik va farovonlikka og‘ir yo‘qotishlar va mashaqqatlar evaziga erishilganligini mushohada etishga, yosh avlodning qalbi va shuuriga vatanparvarlik hissini yanada chuqurroq singdirishga xizmat qiladi. Talabalar ushbu tashrif natijasida vatanparvarlik, ezgulik, to‘kin-sochinlikka to‘la, tinch hayot qadri to‘g‘risida fikrlar bildirib, o‘zlariga kerakli xulosalar bilan qaytdilar.