​VAQTING KETDI — NAQDING VA BAXTING KETDI

O‘tayotgan kunimiz, vaqtimizdan ibrat olmog‘imiz lozim. Inson beparvo bo‘lib qo‘lidan boy beradigan eng qimmatli narsa bu vaqtdir. Dono xalqimizda bir maqol bor, unda shunday deyiladi: “Vaqting ketdi, baxting ketdi”. Ayniqsa, yoshlarning vaqtini to‘g‘ri sarflashlari va mazmunli o‘tkazishlari ularning kamol topishi va qay darajada yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim ro'l o‘ynaydi.   

Shu sababli, 20 dekabr kuni 3-TTJda “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi dotsenti Mamataliyev A.B. va o‘qituvchisi Mardiyev Sh.H. tomonidan tashkil qilingan davra suhbati mavzusi “Vaqt qadri yoxud hamma narsaga ulgurish san’ati” deb nomlandi. Tadbirda talabalar turar joyi tarbiyachi-pedagogi A.Xayitova va “Gidromelioratsiya” fakultetining 1-4 kurs talabalari ishtirok etishdi. Suhbat mavzusi bo‘yicha taqdimot ass. Sh. Mardiyev tomonidan talabalar e’tiboriga havola qilindi. Taqdimotda vaqtning qadrini tushunish uchun vaqtdan foydalanish, uning taqsimlanishi bo‘yicha qiziqarli statistik ma’lumotlar keltirildi, vaqtdan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

 Dotsent A.Mamataliyev vaqt haqida fikrlarini bildirib, hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida mobil telefondan, internet tarmog‘idan foydalanishni to‘g‘ri rejalashtirmagani holda, asosiy vaqtlarini telefon va ijtimoiy tarmoqlar orqali befoyda muloqotlarga va turli ko‘ngilochar tasvir va video roliklarga sarflash holatlari ko‘p uchrashini aytib o‘tdi.  Talabalarga vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish va kerakli narsalarga sarflash bo‘yicha maslahatlar berdi. Tartibsizlik birinchi galda vaqtni isrof qilishiga sabab bo’lishi tushuntirildi. Berilgan qiziqarli ma’lumotlari va fikrlar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.   Tadbir juda savol-javoblarga boy mazmunli o‘tdi. Bu uchrashuv barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgan bo‘lsa ajab emas.

Dotsent Adham Mamataliyev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov