Gender tenglik - bag‘ri kenglik

Konstitutsiya bosh qomus sifatida huquqlarni jamlaydi va kafolatlaydi. Ammo ularni amalga oshirish tizimi va himoyalash mexanizmlarini qonunlarda batafsil bayon etishga doim ehtiyoj bor. Shu ma’noda gender tenglik to‘g‘risidagi Qonun jinslararo tenghuquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash, bu boradagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonunda davlat xizmatida gender siyosatini amalga oshirish uchun vaqtinchalik tarzda bir jinsdagi xizmatchilar uchun kvotalash tizimi joriy etilmoqda. Ya’ni har bir davlat korxona va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligi ta’minlanguncha vaqtinchalik jins kvotalari belgilanadi. Mutanosiblikka erishilgach, kvotalar bekor qilinishi mumkin.

Toshkent  irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti "Gidromelioratsiya" fakultetida  "Gender tenglik bu nima?" mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Ushbu davra suhbatida IIB akademiyasi Kriminologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi podpolkovnik R.Raxmonov,  yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Z.Haydarov, institut xotin-qizlar raisi Z.Ismoilova, fakultet xotin-qizlar raisi Z.Beknazarova, institut psixologi M.Muhammedova, dekan o‘rinbosarlari va fakultet yoshlar ittifoqi yetakchisi A.Hamidov hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Gender tenglik to‘g‘risidagi qonun ijtimoiy-siyosiy sohalarda ayollarning rolini oshirish uchun zamin yaratadi. Hozirda jamiyatimizda “ilg‘or ayol” obrazi tobora yuksalib bormoqda. Ayolga imkoniyat va vakolat berish, uni faollashtirish jamiyatni yanada rahm-shafqatli, insonparvar va ma’rifatli qiladi. Bugun xotin-qizlar bandligini ta’minlash ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, xalq turmush darajasi va sifatini yuksaltirishning muhim sharti sifatida belgilangan.

TIQXMMI  matbuot  xizmati