Raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga qo‘yilgan yana bir qadam

2020 yil kuzining ilk haftasida “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasining bir guruh professor-o‘qituvchilari va doktorantlari Farg‘ona vodiysida joylashgan bir qator gidrotexnik inshootlar jumladan, Qo‘qon gidrouzeli, Katta Farg‘ona kanali hamda Chortoq suv omboriga tashrif buyurib, inshootlarning texnik va ekspluatasion holati bilan tanishdilar.  Tashrif davomida gidrotexnik inshootlarning texnik holatiga ta'sir ko‘rsatuvchi omillar, ya'ni inshootlar o‘zanidagi fil'tratsiya va loyqalanish bo‘yicha ma'lumotlar to‘plash asnosida suv omboridagi fil'tratsiyani kuzatish imkonini beruvchi p'ezometrlar va suv zarbini kamaytiruvchi inshootlar bilan tanishib chiqdilar.

Suv omboridagi va kanallardagi suvning loyqalik miqdorini, ularning fraksion tarkibini o‘rganish maqsadida  suvdan namunalar olindi hamda suv ombori va boshqa gidrotexnik inshootlarning chekka qirg‘oqlari koordinatalari va absolyut balandlik nuqtalari Garmin GPS qurilmasi yordamida aniqlandi.

Kafedrada amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar mavzusiga oid gidravlik jarayonlarning alohida masalalari bo‘yicha soha mutaxassislari bilan suhbatlashdilar. Gidrotexnik inshootlarda yuzaga keladigan gidravlik jarayonlar va ulardan foydalanish tartiblari hamda foydalanish muddatini uzaytirish borasidagi o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdilar. Mazkur tashrif soha bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning tizimli davomi bo‘lib xizmat qiladi.

TIQXMMI matbuot xizmati