Innovatsion g‘oya - talaba iqboli

"Innovatsiya" so‘ziga har damda, har qadamda duch kelamiz. U ancha ommalashdi. Chunki u taraqqiyot mexanizmiga aylandi. Uni elektron va bosma nashrlarda, radio orqali, aksariyat ta’lim sohasining yillik ish dasturlarida ham uchratish mumkin. Bu atamaning ma’nosi nima va uning kundalik hayotimizga singdirilishi mamlakat taraqqiyoti uchun naqadar muhim?

Toshkentdagi talabalar shaharchasida Innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazi barpo etilishi haqida e’lon qilgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz", - degan edi.

Joriy yil 19 noyabr kuni “Gidromelioratsiya” fakulteti “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi katta o‘qituvchilari D.Madazizova, Sh.Raupova va assistent B.Muqimovlar 3-TTJ da “Innovatsion g‘oya - talaba kelajagi” mavzusida davra suhbati o‘tkazdilar.         

Ushbu davra suhbatida innovatsiyalar ahamiyatini baholash, bugungi kunda bizning hayotimizni o‘zgartirgan innovatsiyalarning aksariyati ilmiy laboratoriyalarda dunyoga kelganligi, olimlar ko‘plab organizmlarning genetik tarkibini aniqlashga muvaffaq bo‘lganlari, bu esa biotexnologiyalar — organizmdagi genetik materiallarni boshqarish haqidagi fanning rivojlanishiga olib kelganligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.      Innovatsiyani maqsadga erishish sifatida olib qaraydigan bo‘lsak, maqsad inson ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Demakki, innovatsion g‘oyalar orqali biz qadriyatlarga indin emas, balki ertaroq, ertaga erishishimiz mumkin. Tez rivojlanayotgan, ilm-fan sohasida tobora yaxshilanayotgan davlat esa dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlar ro‘yxatida yetakchilik qiladi. Innovatsiya — bu iqtisodiy o‘sish, demakki, ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivoji garovi. Innovatsion rivojlanish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston esa mana shunday katta yo‘l boshida.

 

“GM” fakulteti xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D. Madazizova axboroti

Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov