Oqiziqlar murakkab jarayonlar ta’siridan, daryo suv yig‘ish maydonlaridan va daryo tizimi o‘zanlaridan bo‘ladigan yemirilishi suv eroziyasi natijasida hosil bo‘ladi. Suv eroziyasi maxsulotlari yil davomida daryo oqiziqlari bilan ta’minlovchi asosiy manba hisoblanadi. Shu mavzuda joriy yilning 1 aprel kuni Gidrologiya va gidrogeologiya kafedrasi assistenti Jumaboeva Gulnora Usmanbaevna 2 bosqich 17 guruh talabalariga Ochiq dars o‘tkazdi. Ochiq darsda Gidromelioratsiya fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda mehmonlar tashrif buyurdilar. Amaliyotchi o‘qituvchi talabalarga dars avvalida “Daryo oqiziqlari” haqida bir qator ma’lumotlar berib o‘tdi: Daryo oqiziqlari deb suv oqimi bilan birgalikda harakatlanadigan va o‘zan hamda qayir yotqiziqlarini hosil qiluvchi qattiq zarrachalarga aytiladi. Daryo oqiziqlari o‘zandagi harakatlanish rejimiga ko‘ra muallaq va o‘zan tubi oqiziqlariga bo‘linadi. Muallaq oqiziqlarning massasi kichik bo‘lgani uchun ular daryoning quyilish joyigacha tranzit holda yetib boradi. O‘zan tubi oqiziqlari esa suvning oqish tezligi kamayishi bilan suv ostiga cho‘kib, o‘zan shaklini o‘zgartiradi. Oqiziqlarni miqdoriy ifodalashda oqiziqlar sarfi, oqiziqlar oqimi (hajmi), oqiziqlar moduli yoki yuvilish moduli, yuvilish qatlami, erozion metr, o‘rtacha loyqalik va oqiziqlarning o‘rtacha kattaligi (diametri) kabi ko‘rsatkichlardan foydalaniladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston daryolarida kuzatilgan suv va oqiziqlar sarflarining ekstremal qiymatlari jadvalini talabalar birgalikda ko‘rib chiqdilar va shu asosda talabalar bilan guruhlarga bo‘lingan holda amaliy mashg‘ulot o‘tkazishdi. Amaliy mashg‘ulot o‘tkazishdan maqsad qilib qo‘yidagi vazifalar belgilab olindi:
-daryo suvining loyqaligi hisoblash;
-oqiziqlar oqimi og‘irlik va hajm o‘lchov birliklarida aniqlash;
- yuvilish moduli hisoblash;
- yuvilish qalinligi hisoblash;
- erozion metr hisoblash;
- hisoblashlar natijalari turli daryolar uchun olingan qiymatlarni solishtirish yo‘li bilan tahlil qilish.
Dars so‘ngida o‘qituvchi talabalarni faol ishtirokiga qarab baholadi va mavzu bo‘yicha mustaqil ta’lim uchun vazifalar berib, bugungi darsni yakunladi.
O‘qitishning texnik vositalari bo‘limi boshlig‘i M.Tosheva axboroti