Ulkan asr qurilishiga tashrif

Respublikamizda, mamlakatning energetik potensialini oshirishda gidroenergetika sohasida ham keng miqyosda qurilishlar amalga oshirilmoqda. Shunday qurilishlardan biri Pskom daryosi o‘zaniga qurilayotgan Pskom GESi qurilishidir. Pskom GESi o‘zining salmog‘i bo‘yicha Respublikamizda eng baland grunt to‘g‘onli (to‘g‘on balandligi 200 m) inshootlardan biri hisoblanadi. Shu kunlarda mazkur qurilishda ilk dala tadqiqotlari amalga oshirilmoqda. Tajriba maydonida to‘g‘onning 1:100 masshtabdagi modeli qurilgan bo‘lib, bu yerda tayanch prizmasi, suv o‘tkazuvchi filtrlar, hamda yadro materialining suv o‘tkazish qobiliyati bo‘yicha gidravlik jarayonlar o‘rganilmoqda. Shu bilan birga grunt to‘kish texnologiyasi, gruntlarning fizik-mexanik xossalari, grunt qatlami qalinligi, grunt zichlash mexanizmi bo‘yicha tajribalar o‘tkazilmoqda.

Ushbu tajriba ishlarini “GIDROPROEKT” AJ xodimlari bilan laboratoriya mudiri texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori K. Nazarov boshchiligida amalga oshirmoqdalar. 2020 yil 29-iyul kuni “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasining bir guruh professor-o‘qituvchilari, doktorant va magistrantlari kafedra mudiri prof.A.Arifjanov rahbarligida mazkur dala-tajriba maydoniga tashrif buyurdilar. Kafedra xodimlari u yerda yaratilgan sharoitlar va tajriba o‘tkazish ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida ular tajriba o‘tkazish jarayonlarida bevosita ishtirok etdilar va o‘lchov ishlarini olib borishda muntazam ishtirok etish rejasini tuzdilar. Tashrif davomida kafedrada amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar mavzusi doirasida to‘g‘onning suv tashlash inshooti, b’eflarni tutashtirishda gidravlik jarayonlar hamda suv uzatish tunnellarida yuzaga keladigan gidrostatik va gidrodinamik jarayonlarning alohida masalalari bo‘yicha soha mutaxassislari va quruvchilar bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Mazkur tashrif bir tomondan Institut rektori U.Umurzakov va “GIDROPROEKT” AJ direktori A.Axmedov qo‘shma buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasining “GIDROPROEKT” AJ dagi filiali faoliyatining uzviyligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan soha bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar tayorlashda ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning tizimli davomi bo‘lib xizmat qiladi. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan bu ishlar O‘zbekiston Prezidentining 10 iyul 2020 yildagi PF-6024-sonli farmoni bilan tasdiqlangan ”O‘zbekiston respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi” da belgilangan vazifalarni ruyobga chiqarishda boshlang‘ich amaliy qadamlar hisoblanadi.

@ILOVETIIAME